Xitoyning Nanning va Fanchenggan shaharlarida o‘tayotgan “Xitoy–ShHT (Belarus, O‘zbekiston) 2025” tibbiy va farmatsevtika sanoati bo‘yicha xalqaro hamkorlik konferensiyasida O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirok etmoqda. Tadbir doirasida xalqaro tibbiy klaster, innovatsion texnologiyalar, diagnostika va farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha yirik taqdimotlar, ikki tomonlama uchrashuvlar va amaliy seminarlar tashkil etilgan.
Tadbirda O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida Sog‘liqni saqlash vazirligi mas’ullari, shuningdek, O‘zbekiston tibbiy asbob-uskunalar ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar Uyushmasi raisi Jiyanbayev Otabek Eshdavlatovich, mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar rahbarlari hamda tibbiyot sanoati bo‘yicha mutaxassislar ishtirok etmoqda.
26 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan asosiy konferensiya jarayonida xalqaro tibbiy ochiq pilot zonasi, Fanchenggan hududi salohiyati, Xitoyning yetakchi tibbiy va farmatsevtika kompaniyalari tomonidan texnologik taqdimotlar, yangi ishlanmalar va qo‘shma loyihalar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi.
Delegatsiya a’zolari - O‘zbekiston tibbiy texnika ishlab chiqaruvchilari uchun xalqaro bozorlarga chiqish imkoniyatlari, eksport hamkorliklari, investitsion loyihalar, mahalliy ishlab chiqarishni rivojlantirish va sifat standartlarini uyg‘unlashtirish masalalarida Xitoy tomonining takliflari bilan tanishdilar.
Tadbir doirasida o‘zbekistonlik delegatlar Xitoyning bir qator ilg‘or tibbiyot korxonalari, farmatsevtika majmualari, tahlil laboratoriyalari, xalqaro standartlashtirish markazlari va shifoxonalariga tashrif buyurmoqda. Jumladan, Fanchenggan xalqaro tibbiy pilot zonasi, universitet klinikalari, tibbiy texnologiyalar ishlab chiqarish markazlari va “China–ASEAN Health Cooperation Center” kabi maskanlar bilan tanishuvlar tashkil etildi.
Uchrashuvlar davomida O‘zbekiston tomoni bilan Xitoy kompaniyalari o‘rtasida tibbiy asbob-uskunalar, sarflash materiallari, laboratoriya uskunalari va farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha hamkorlik aloqalarini kengaytirish yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda. Ikki tomonlama B2B uchrashuvlar doirasida yangi qo‘shma loyihalar va texnologik hamkorlik bo‘yicha takliflar muhokama qilindi.
Delegatsiya safarining asosiy maqsadi - tibbiy texnika va farmatsevtika sohalarida xalqaro tajriba almashish, istiqbolli hamkorlarni jalb etish, O‘zbekiston sanoati uchun zamonaviy texnologiyalarni o‘rganish hamda mahalliy korxonalar eksport salohiyatini oshirishdir.
O‘zbekiston delegatsiyasining xalqaro anjumandagi ishtiroki tibbiy va farmatsevtika sanoatining jahon bozoriga integratsiyalashuvi, yangi sherikliklarni shakllantirish va texnologik hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda.