21.02.2025
O‘zbekiston va Eron hamkorligi yangi bosqichda
Kuni kecha O‘zbekistondagi Eron Islom Respublikasi elchixonasida Eronning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi, janob Mohammad Ali Eskandari bilan uchrashuv o‘tkazdik. Ushbu uchrashuvda biz tibbiyot sohasidagi zamonaviy texnologiyalarni yangi bosqichga olib chiqish, ilg‘or tajribalarni almashish va o‘zaro hamkorlikni kengaytirish masalalarini muhokama qildik.
Eron tomoni O‘zbekistonning tibbiyot infratuzilmasini rivojlantirishda o‘z hissasini qo‘shish maqsadida investitsiyalar jalb etish bo‘yicha qator takliflar bildirdi. Bu esa mamlakatimiz tibbiyot sohasi uchun muhim o‘zgarishlarga yo‘l ochishi, yangi texnologiyalar va innovatsion yechimlarning keng joriy etilishiga xizmat qilishi mumkin.
Shuningdek, bizning delegatsiyamiz Eronda yaqin kunlarda bo‘lib o‘tadigan yirik tibbiyot asbob-uskunalari ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif etildi. Ushbu tadbir biz uchun nafaqat ilg‘or texnologiyalar bilan tanishish, balki yangi sheriklik aloqalarini o‘rnatish va mavjud hamkorlikni mustahkamlash uchun ajoyib imkoniyat bo‘ladi.
Uchrashuv yakunida janob Mohammad Ali Eskandari O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishga qo‘shayotgan hissasi hamda ikki mamlakat tibbiyot sohasidagi aloqalarini mustahkamlash yo‘lidagi sa’y-harakatlari uchun O‘zbekiston Tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasining maxsus ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi.
Biz ushbu hamkorlikning yanada rivojlanishiga ishonamiz va kelgusida tibbiyot sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga umid qilamiz.
O‘zbekiston Tibbiyot asbob-uskunalari ishlab chiqaruvchilar va yetkazib beruvchilar uyushmasi raisi
Jiyanbayev Otabek Eshdavlatovich